Kecha O‘zJOKU rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja universitet talabalari bilan ochiq muloqot uchrashuvini o‘tkazdi. Universitet faollar zalida bo‘lib otgan uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan istalgan mavzudagi savollar va muammolari bo‘yicha rektorga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qildilar.
Talabalarning aksariyat qismi ushbu uchrashuvda yig‘ilganini inobatga olgan holda, universitetda faoliyatlarini boshlagan tyutorlar jamoasi ham talabalarga tanishtirildi.
Uchrashuvda “Talaba murojaati” guruhiga kelib tushgan takliflarning aksariyati muhokama etilib, muammolarga yechimlar berildi. Shuningdek, talabalarga universitet oshxonasi mas’ullari ham tanishtirilib, oshxonada tayyorlanadigan taomlar sifati va narxi bo‘yicha mavjud fikr mulohazalar bo‘yicha ham izohlar berildi.
O‘zJOKUda talabalar bilan muloqot qilish doimiy yo‘lga qo‘yilgan negaki universitet jamoasi oliy ta’lim muassasasi uchun eng muhimi bu talabalar ekanini yaxshi tushunadi. Bu kabi uchrashuvlar talabalarning o‘zlari o‘qiyotgan ta’lim muassasiga nisbatan mehri va ishonchini oshirishga xizmat qilishiga ishonamiz!